Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 23/12/2024 O‘zbekiston Jahon banki guruhi ko‘magida yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushiradi

O‘zbekiston Jahon banki guruhi ko‘magida yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati ko‘rinishidagi 3,5 mln dollarlik moliyalashtirishni ma’qulladi. Ushbu kafolat "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi. Xorazm viloyatidagi ushbu obyektni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan Fransiyaning "Voltalia" kompaniyasi shug‘ullanadi.

Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi. Uning faoliyati yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 60 mingga yaqin uy xo‘jaliklarini toza energiya bilan ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda. Loyiha mamlakatning toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlariga salmoqli hissa qo‘shadi.

“Jahon banki guruhi “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq O‘zbekistonning energiya bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishda va 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25 GVtga yetkazishda qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib mamlakatda iste’moldagi  elektr energiyasi ulushining 40 foizini tashkil etadi,” – deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. “Xorazm viloyatida quyosh elektr stansiyasi loyihasi doirasida taqdim etilgan Jahon bankining bank kafolati qayta tiklanadigan energetika sohasiga yangi xususiy investorlarni jalb qilishga yordam berganidan xursandmiz. Bu sohani diversifikatsiya qilish va bozorga qo‘shimcha ishtirokchilarni jalb qilish imkonini berdi, o‘z navbatida, bu mamlakatga katta foyda keltiradi.” 

Quyosh elektr stansiyasi loyihasi “Voltalia” sho‘ba korxonasi “Sarimay Foreign Enterprise LLC” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu obyekt loyihasini ishlab chiqish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun javob beradi. Loyiha ishga tushirilgach, “Sarimay Foreign Enterprise LLC” stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasiga sotadi. Bu ikki tomon o‘rtasida 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan. 

Jahon banki tomonidan taqdim etilgan 3,5 mln dollargacha bo‘lgan bank kafolati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Sarimay Foreign Enterprise LLC kompaniyasidan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha to‘lov majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi. Ushbu kafolat, shuningdek, Xorazm viloyatida loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan 80 million dollarlik qo‘shimcha kapital investitsiyalarni, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan 54 million dollardan ortiq moliyalashtirishni jalb qilishga yordam berdi.

“2020-yildan buyon Jahon banki guruhiga kiruvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston hukumatining 1000 MVt quyosh va 500 MVt shamol energiyasi quvvatlarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun biz bank kafolati, moliyaviy resurslar, maslahat xizmatlari va texnik yordam ko‘rsatdik, shuningdek, qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashdik,” - dedi Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassisi va O‘zbekiston energetika sektorida bank kafolatlari bo‘yicha ishchi guruh rahbari Farxat Esen.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Jahon banki guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Navoiy viloyatida joylashgan 100 MVt quvvatga ega O‘zbekistondagi birinchi quyosh elektr stansiyasi (2021-yilda ishga tushirilgan); Samarqand va Jizzax viloyatlarida 440 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi (2024-yilda ishga tushirilgan); Navoiy viloyatida joylashgan 500 MVt quvvatga ega O‘zbekistondagi birinchi shamol elektr stansiyasi (2024-yilda ishga tushirilgan); shuningdek,  Buxoro viloyatidagi 63 MVt/126 MVt*s quvvatga ega 250 MVt quvvatli energiyani to‘plovchi akkumulyator tizimiga ega (BESS) quyosh elektr stansiyasi (qurilish jarayonida). Buxoro viloyatida o‘rnatilayotgan BESS tizimi Markaziy Osiyodagi birinchi bunday tizim hamda qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining bank kafolatini olgan jahondagi birinchi tizim hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling