Valyuta kurslari 22/01/2025
$1 – 12984.44
UZS – 0,07%
€1 – 13442.79
UZS – 0,52%
₽1 – 129.90
UZS – 1,78%
Qidirish
Iqtisod 22/01/2025 O‘zbekiston ITB Ilg‘or yechimlar Markazida Malayziyaning iqtisodiy tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston ITB Ilg‘or yechimlar Markazida Malayziyaning iqtisodiy tajribasini o‘rganmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi vazir o‘rinbosari i.f.d. Umid Obidxo‘jayev boshchiligida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Ilg‘or yechimlar Markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida barqaror moliyalashtirish, halol sertifikatlash sanoatini rivojlantirish va amaliyotda muvaffaqiyatdan o‘tgan innovatsion iqtisodiy yechimlarni joriy etish sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Malayziya: iqtisodiy islohotlar uchun yetakchi namuna

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Malayziya 2028-yilgacha yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirishi mumkin. Bunga mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va kuchli valyuta bilan birga innovatsion iqtisodiy siyosati sabab bo‘lmoqda. Malayziyaning moliyaviy barqarorlik, muvozanatli rivojlanish va ilg‘or boshqaruvga asoslangan muvaffaqiyati O‘zbekiston uchun o‘rganishga arziydigan tajribadir.

ITB Ilg‘or yechimlar Markazining o‘rni

Markaz Malayziyaning muvaffaqiyatli iqtisodiy yechimlari va tajribasini ITBga a’zo davlatlar bilan bo‘lishish bo‘yicha asosiy platforma hisoblanadi.

Markazning tajribasi quyidagi yo‘nalishlarda muhim ahamiyat kasb etadi:

  • Barqaror moliyalashtirish: Malayziya yashil va islom moliyasi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Xususan, Malayziyaning uglerod birliklari savdosi va barqaror loyihalar uchun innovatsion moliya vositalari O‘zbekistonning "yashil" iqtisodiyot maqsadlariga mos keladi.
  • Halol sertifikatsiya sanoatini rivojlantirish: Halol sertifikatsiya ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha Markazning tajribasi O‘zbekistonga global miqyosda ziyorat turizmi rivojlanishi sharoitida oziq-ovqat va turizm sohalarida xalqaro standartlarni joriy etish va raqobatbardoshlikni oshirishda yordam beradi.
  • Innovatsion yechimlar: Malayziyaning moliyaviy texnologiyalar (fintech) va raqamli moliya bo‘yicha ilg‘or tajribasi aholisining aksariyati yoshlardan iborat O‘zbekiston uchun ulkan ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv davomida malaka oshirish dasturlari, halol sertifikatlash sanoatini rivojlantirish strategiyalari va barqaror moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikni amaliy natijalarga aylantirishga kelishib oldilar.

Malayziyaning iqtisodiy muvaffaqiyatlaridan o‘rganish va ITB Ilg‘or yechimlar Markazining tajribasidan foydalanish O‘zbekistonning diversifikatsiyalangan, barqaror va innovatsion iqtisodiyot sari harakatlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling