Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 12/05/2025 O‘zbekiston – Italiya: sug‘urta tizimini joriy etish yo‘lida amaliy kelishuvlar

O‘zbekiston – Italiya: sug‘urta tizimini joriy etish yo‘lida amaliy kelishuvlar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari amaliy tashrif bilan ayni paytda Italiyada bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Italiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda sohaga aloqador tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Muloqotlarda ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini joriy etish va rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Uchrashuvlarda agrar sektor uchun moliyaviy himoya mexanizmlarini yaratish, qishloq xo‘jaligidagi asosiy risklarni boshqarish hamda sug‘urta tizimini amaliyotga samarali tatbiq etish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tomonlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar:

  • sug‘urta tizimi uchun tajribali mutaxassislar va mustaqil ekspertlarni tayyorlash;
  • yangi tashkil etilayotgan sug‘urta jamg‘armasi xodimlarini o‘qitish va ularning salohiyatini oshirish;
  • trening dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • sug‘urta tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish jarayoniga xalqaro ekspertlarni jalb etish.

Ushbu tashabbuslar qishloq xo‘jaligida moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, sohaga sarmoya jalb qilish va ishonchli sug‘urta mexanizmlarini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.

Shuningdek, delegatsiya Italiyadagi qishloq xo‘jaligi risklarini o‘rganish va tahlil qilishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur institut qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha metodikalarni ishlab chiqish, risk va indekslarni ishlab chiqish va baholash, shuningdek, sohaga oid ekspert kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuvda institut bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish va O‘zbekistonda ilmiy asoslangan sug‘urta tizimini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, muassasa tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar, sug‘urta fondlari va tizim faoliyatiga oid to‘liq ma’lumotlar delegatsiya vakillariga taqdim etildi. Kelgusida ushbu hujjatlar asosida qo‘shma huquqiy tashabbuslarni ishlab chiqish va amaliy tajriba almashish rejalashtirilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling