Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Galisiyaga tashrif buyurib, mintaqaviy hokimiyat vakillari va yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ispaniya tomoni O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, avtomobilsozlik, neft-kimyo, farmatsevtika, turizm va mehnat migratsiyasi sohalarida aloqalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Inditex kompaniyasi bilan to‘qimachilik sanoati sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, barqaror ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish va O‘zbekistonda logistika markazini yaratish masalalari muhokama qilindi. Inditex O‘zbekistonni barqaror to‘qimachilik ishlab chiqarish uchun istiqbolli bozor sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Rodriguez Lopez Auto kompaniyasi bilan O‘zbekistonda tez tibbiy yordam tizimini rivojlantirish, jumladan, tibbiy avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarish va kadrlarni tayyorlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.