O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Urumchi shahriga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-30-aprel kunlari O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin hamda SHUAR Partqo‘mi kotibiga yo‘llagan samimiy salomlari va ezgu tilaklari yetkazildi.
Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Bunda, Mamlakatlar yetakchilari o‘rtasidagi yaqin, ishonchli va samimiy birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlar savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanib borayotgani, infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energiya sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilayotgani natijasida o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshganini bildirib, Davlatlarimiz Rahbarlari tomonidan belgilab berilgan 20 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish uchun barcha imkoniyatlarga mavjudligini ta’kidladi.
Savdo-sanoat, transport-logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.