O‘zbekiston Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikdan xavotir bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir bildiradi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida aytiladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi har ikki tomonni mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga e’tibor qaratib, maksimal darajada tiyilishga chaqiradi hamda mojaroning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun diplomatik mexanizmlardan foydalanishga ustuvor ahamiyat berish muhimligini ta’kidlaydi.
Bayonotda O‘zbekiston keskinlikni yumshatish va vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani alohida ta’kidlanadi.