Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbolchilari assotsiatsiyasi rasman FIFPRO tarkibiga qo‘shildi. FIFPRO — butun dunyo bo‘ylab 70 dan ortiq professional futbolchilar assotsiatsiyalarini birlashtiruvchi xalqaro federatsiyadir.
Qabul marosimi Indoneziyada FIFPROning Bosh Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Ilgari O‘zbekiston futbolchilari assotsiatsiyasi nomzod maqomiga ega edi, endilikda esa tashkilotning to‘liq a’zosiga aylandi.
O‘zbekiston futbolchilari assotsiatsiyasi 2017-yilda tashkil etilgan va shu vaqtdan beri futbolchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida faoliyat olib bormoqda.
1965-yilda tashkil etilgan FIFPRO 65 000 dan ortiq professional futbolchilar manfaatlarini himoya qiladi. Tashkilotning bosh ofisi Niderlandiyaning Xofddorp shahrida joylashgan bo‘lib, uning a’zolari dunyoning turli mamlakatlaridagi milliy futbolchilar assotsiatsiyalari hisoblanadi.