Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) prezidenti Abdusalom Azizov o‘z lavozimidan iste’foga chiqdi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) sayti ma’lumotiga ko‘ra, O‘FAning birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
O‘FAning Telegram-kanali orqali ma’lum qilinganidek, 22-fevral kuni assotsiatsiyaning navbatdan tashqari kongressi o‘tkaziladi. Ungacha tashkilot prezident vazifasini Ravshan Ermatov bajaradi. O‘FAning yangi rahbarini saylash bo‘yicha ovoz berish kelasi oyga belgilangan.
Abdusalom Azizov 2019-yil iyul oyida assotsiatsiya prezidenti etib tayinlangan edi, u birinchi vitse-premer Ochilboy Ramatovning o‘rnini egallagan. U 2021-yil sentyabr oyida yana shu lavozimga qayta saylangan.
2024-yil noyabr oyida Abdusalom Azizov Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisi lavozimidan ozod qilingan va dekabr oyi boshida yoshlar masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.