Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston Davlat banki raisi Jamil Ahmad bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.
Uchrashuv doirasida ikki tomonlama savdoni rag'batlantirish maqsadida banklararo to'lovlarni takomillashtirish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.
Muloqot davomida O'zbekiston va Pokistonning ayrim tijorat banklari o'rtasida korrespondentlik aloqalari o'rnatilganiga qaramasdan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu turdagi bank xizmatlaridan keng foydalanilmayotgani ta'kidlanib, mazkur masala yuzasidan tadqiqot ishlari o'tkazilishi zarurligi ta'kidlandi.
Jamil Ahmad Pokistonda xorijiy banklar va davlatlar bilan to'lovlar erkin amalga oshirilayotganini alohida e'tirof etdi. Mamlakat hududida faoliyatini yo'lga qo'yishni istagan o'zbek banklariga, dastlab, o'z vakolatxonasini tashkil etishni, so'ngra, uni filialga aylantirishni tavsiya qildi.
Suhbat chog'ida, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan o'rnatilgan barter tizimi va uning ishlash tamoyillari to'g'risida ma'lumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi banklararo to'lovlarni takomillashtirish va zamonaviy bank xizmatlarini yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekistonning Markaziy va tijorat banklari vakillaridan iborat delegatsiyasi Pokistonga taklif etildi.