O‘zbekiston delegatsiyasi “Rossiya islom dunyosi” forumida faol ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14–17 may kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilayotgan “Rossiya islom dunyosi” xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Mazkur forum dunyoning eng yirik tijorat kompaniyalari, shuningdek, 12 ta xorijiy davlat delegatsiyalarini bir joyga jamlagan yirik xalqaro tadbir hisoblanadi.
Forum doirasida “Qozon Ekspo” ko‘rgazmalar saroyida O‘zbekiston Respublikasining milliy stendi tashkil etildi. Ushbu stendda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan eksportbop 58 turdagi mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Xususan, ko‘rgazmada gilos, o‘rik kabi ho‘l mevalar, konservalangan milliy taomlar, turli xil ziravorlar, shuningdek, konservalangan, quritilgan va sublimatsiyalangan meva-sabzavotlar, shafran, sharbatlar, salqin ichimliklar hamda qandolat mahsulotlari keng namoyish etildi.
Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, qator tijorat kompaniyalari rahbarlari milliy stendimiz bilan yaqindan tanishib chiqishdi.
Ular ayniqsa O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mevalar, konservalangan milliy taomlar va o‘ziga xos ziravorlarga katta qiziqish bildirishdi.
Shuningdek, forum davomida Novosibirsk shahridagi tadbirkorlar tomonidan O‘zbekiston hududida meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlarni birlamchi qayta ishlash yo‘nalishida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Mazkur forum O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, milliy mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga olib chiqish va xorijiy investorlarni jalb etish borasida muhim maydonga aylandi.