O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon tadbirkorlar milliy konfederatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Makkah Halal Forum” ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari D.Kurbanov boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon tadbirkorlar milliy konfederatsiyasi (ASK) raisi Mamed Musayev bilan muzokaralar olib bordi.
Ikki qardosh mamlakat vakillari o‘rtasidagi samimiy muloqot chog‘ida tadbirkorlik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Mamed Musayev O‘zbekiston milliy stendining yuqori saviyada tayyorlanganini taʼkidlab, uning faoliyatini yuqori baholadi.
Tomonlar savdo aloqalarini kengaytirish, biznes loyihalarini hamkorlikda rivojlantirish va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilab olishdi.
Uchrashuv natijasida xalol oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha tajriba almashish, raqamli texnologiyalar sohasida tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida hamkorlikni faollashtirishiga kelishib olindi.