Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugungi global dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi rivoji har bir mamlakatning ustuvor yo‘nalishiga aylangan. O‘zbekiston ham bu borada katta qadam tashlab, xalqaro hamkorlikni kengaytirishni davom ettirmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va BAAning nufuzli IFFCO Group kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik Memorandum ham yangi istiqbolli loyihalar uchun zamin yaratdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, bir necha asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Xususan, soxta mahsulotlarga qarshi kurash va intellektual mulkni himoya qilish, import hajmini oshirish, texnologiyalarni jalb qilish va o‘quv dasturlari ishlab chiqish, qo‘shimcha sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari bugungi kun tartibidan muhim o‘rin egalladi.
Memorandumga ko‘ra, IFFCO Group tomonidan O‘zbekistonga strategik oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, o‘simlik yog‘i va unni yiliga 10 ming tonnagacha eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, IFFCO mahsulotlarining soxtalashtirilishiga qarshi qat’iy choralar ko‘riladi.
Mazkur kompaniya tomonidan O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi markazi tashkil etiladi. Shuningdek, kelishuvlarga ko‘ra, kelgusida tomat pastasi, o‘simlik yog‘lari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Tashrif davomida vazir ishtirokida xalqaro standartlarga mos yondashuv va uzoq muddatli hamkorlik uchun asos bo‘ladigan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.