Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri boshqaruvchisi Xermann Vizer bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz hududlarida Avstriya kompaniyalari bilan chorvachilik, sut va go‘shtni qayta ishlash, zamonaviy agrofirmalar tashkil qilish yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar barobarida qishloq xo‘jaligiga ham rivojlangan xorijiy tajribalar va innovatsion yondashuvlar joriy etilayotgani natijasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda fermer, klasterlarning o‘rni oshib, ularni davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlashda yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, muloqotda so‘nggi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimida biznes loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kompaniya vakillari va investorlarga yetarli sharoit va imtiyozlar yaratilgani ham ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv yakunida Avstriya tomoni mamlakatimiz tuproqlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, uni qayta ishlash va soha mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan loyihalarni hayotga tatbiq qilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida kelishib olishdi.