O‘zbekiston 2025 yil oktyabridan “chiroyli” davlat raqamlarini auksion orqali sotishni to‘xtatadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil oktyabridan tovar-xomashyo birjasi orqali “chiroyli” davlat raqam belgilarini auksion yo‘li bilan sotish amaliyoti tugatiladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, 1 oktyabrdan boshlab AJ «O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» (O‘zRTSB) tizimi orqali auksionlar o‘tkazish to‘xtatiladi.
Sotilmagan kombinatsiyalar quyidagicha taqsimlanadi: 1–3 toifadagi raqamlar — “Uzavtomotobelgi” korxonasi orqali yagona oshirilgan tarif asosida, 4–6 toifadagi raqamlar esa amaldagi tartibga muvofiq oshirilgan tarifsiz beriladi.
2026 yil 1 yanvardan esa raqam belgilarini O‘zRTSB orqali auksionda sotish va talab yuqori bo‘lgan harf-raqamli kombinatsiyalar uchun oshirilgan tarif joriy etish amaliyoti to‘liq bekor qilinadi. Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lmagan oddiy davlat raqam belgilarini berish amaldagi tartibda saqlanib qoladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar xohlagan kombinatsiyadagi raqam belgilarini elektron ariza berish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yagona oshirilgan tarifni to‘lab olishlari mumkin bo‘ladi.
Bir vaqtning o‘zida barcha bo‘sh harf va raqam kombinatsiyalarining yagona ochiq maʼlumotlar bazasi ishga tushiriladi. Bazadan quyidagi yo‘llar orqali foydalanish mumkin bo‘ladi:
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB va viloyat IIBB bo‘limlaridagi infokiosklar orqali;— IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mobil ilovasi orqali;— YHXX xizmati rasmiy sayti orqali;— Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali.
Barcha davlat raqam belgilar tizimlashtirilib, hududiy kodlar bo‘yicha joylashtiriladi.
Kelgusida “prestijli” kombinatsiyalarni berish muayyan hududiy kod doirasida cheklanadi va bu faqat kombinatsiyalarning kamida 90 foizi ishlatilgan taqdirda mumkin bo‘ladi.