Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 10-yanvar kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning yuqori nufuzga ega “China Huaneng Group Co. HongKong, Ltd.” (Huaneng) kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi qadamlar bo‘yicha kompaniya ofisiga tashrif buyurdi.
China Huaneng Group Co. HongKong, Ltd. Xitoy davlat Kengashining Davlat aktivlarini nazorat qilish va boshqarish komissiyasi tomonidan boshqariladigan Xitoyning beshta yirik davlat elektr energiyasi ishlab chiqarish kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya energiya ishlab chiqarish loyihalariga sarmoya kiritish, qurilish, ekspluatatsiya-boshqarish hamda elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya dunyoning eng top 500 yirik kompaniyalari ro‘yxatida 238-o‘rinni egallaydi.
Tashrif davomida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov va “Huaneng” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Syan Xuey bilan hamkorlikda olib borilayotgan yuqori darajadagi aloqalar va bajarilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama etildi.
Xususan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan quvvati 320 MVt bo‘lgan Qorong‘ito‘qay GES qurilishi loyihasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida, “O‘zbekgidroenergo” AJ va “Huaneng” kompaniyasi o‘rtasida “O‘zaro anglashuv memorandumi” tantanali ravishda imzolandi. Memorandum hujjatiga asosan, loyihaoldi hujjatlarini va moliyalashtirish shartlariga aniqlik kiritish ishlarini tezlashtirish yo‘nalishlarida kelishib olindi.
Istiqbolli investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida Respublikamiz energetika balansiga yangi yuqori quvvat qo‘shilishi nuqtai nazardan – ushbu voqeani tarixga muhrlash maqsadida joriy yil 1-avgust kuni “Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskem daryosida Qorong‘ito‘qay GES qurilishi”ga rasmiy start berilishiga bag‘ishlangan marosim tashkil etilishi va ushbu tadbir oliy darajada o‘tkazilishi hamda mazkur muddatga qadar loyiha doirasida barcha zaruriy chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga kelishib olindi.
Mazkur saʼy-harakatlar natijasida kelgusida nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham DXSH tamoyili asosida ilk bor yuqori quvvatga ega yirik GES quriladi.
Ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 842 mln kVt.soat elektr energiya ishlab chiqariladi, bunda respublikamizning 281 ming xonadoni elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, qariyb 228 mln m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida, jadallik bilan o‘sib borayotgan xalqimiz va shiddat bilan rivojlanayotgan sanoatimiz ekologik toza elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlanishiga xizmat qiladi.