Valyuta kurslari 28/03/2025
$1 – 12913.19
UZS – 0,03%
€1 – 13908.80
UZS – -0,19%
₽1 – 154.17
UZS – 0,57%
Qidirish
Iqtisod 27/03/2025 “O‘zbekgidroenergo” AJ: 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi rejalari”

“O‘zbekgidroenergo” AJ: 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi rejalari”

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakat iqtisodiyotining drayveri bo‘lgan energetika tizimini rivojlantirishda, mavjud quvvatlarni yana-da mustahkamlash va oshirishda, shuningdek, aholining turmush farovonligini yuksaltirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biri hisoblangan gidroenergetika tarmog‘i yildan yilga samarador sohaga aylanib borayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Tarmoqqa masʼul – “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan qo‘shimcha quvvatlar evaziga O‘zbekiston gidroenergetikasi salohiyatini, nafaqat barqaror holatda saqlash, balki yildan-yilga mavjud quvvatlarni oshirib borilishiga erishilmoqda.

Bugun, 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jamiyat tomonidan “O‘zbekgidroenergo” AJ: 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi rejalar” mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida Jamiyat boshqaruvi rahbariyati, ijro apparati boshqarma va bo‘lim boshliqlari, masʼul mutaxassislar, televideniye, radio, bosma va elektron OAV vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, “O‘zbekgidroenergo” AJ tashkil topgandan buyon yangi qurilish va modernizatsiya loyihalariga qariyb 1 mlrd dollar investitsiyalar yo‘naltirildi. Yil sayin “O‘zbekgidroenergo” AJ salohiyati va jozibadorligi yana-da oshib bormoqda. Jalb qilinayotgan keng ko‘lamli kapital qo‘yilmalari va chet el investitsiyalari hisobiga eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi GESlar barpo etilmoqda.

Jamiyatimiz tomonidan bugungi kunga qadar umumiy quvvati 430 MVtga teng bo‘lgan 55 ta GES foydalanishga topshirildi. Shundan, 42 ta yangi GES qurilgan bo‘lsa, 13 ta mavjud GES zamonaviy talablar asosida to‘liq modernizatsiya qilindi. Eʼtiborli jihati, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi yillarda nafaqat yurtimizda, balki, MDH davlatlari orasida ham salmoqli natija hisoblanadi.

Amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida Jamiyat tasarrufidagi jami GESlar soni 77 taga yetkazilib, mavjud quvvatlar 2,256 GVtdan oshirildi.

Mazkur ko‘rsatkichlar Jamiyat faoliyatiga ijobiy taʼsir etib, 2024 yil yakunlari bilan Jamiyatning umumiy aktivlari qiymati ilk bor 1 mlrd 200 mln. dollarga yetkazildi. 2017 yil bilan taqqoslanganda, jami aktivlarimiz qiymati 4 barobarga oshdi. Bu bilan, Jamiyatning xalqaro miqyosdagi “kredit yelkasi” ishonchlilik darajasi yana-da mustahkamlanib 2,5 koeffitsiyentni tashkil etdi.

2024 yilda tizimdagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 8,2 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2023 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini anglatadi.

Amalga oshirilgan yangi loyihalar hamda modernizatsiya chora-tadbirlari hisobiga 2024 yildagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 100 yillik tarixga ega gidroenergetika faoliyatida eng yuqori – rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi o‘rnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti – 41 %ni tashkil etib, bu ham o‘z o‘rnida tarixiy marra hisoblanadi.

2024 yilda tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan tushum 4 053 mlrd. so‘mni tashkil etdi. “O‘zbekgidroenergo” AJ milliy elektr tarmoqlariga elektr energiyasini yetkazib berish asnosida, yirik soliq to‘lovchi sifatida o‘tgan yilning o‘zida davlat byudjetiga qariyb 1 trillion so‘mlik soliq va boshqa to‘lovlarni amalga oshirildi.

Sohada jadal surʼatlarda transformatsiya va raqamlashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili sohani transformatsiya qilish jarayoni doirasida tizimdagi GES hamda suv omborlari faoliyatini qamrab olgan elektr energiyasi ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GES va suv omborlarida o‘rnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va nazorat-o‘lchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi.

Tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimi joriy etildi hamda “Vaziyatlar markazi”ga maʼlumotlar onlayn uzatilishi taʼminlandi.

Suv omborlaridagi nazorat-o‘lchov qurilmalarini avtomatlashtirish bo‘yicha Andijon, Ohangaron va Hisorak suv omborlariga zamonaviy datchiklar o‘rnatildi.

Qayd etish joizki, soha avtomatlashtirilib, deyarli to‘liq raqamlashtirilishiga erishildi.

2024 yilda qabul qilingan gidroenergetika sohasi uchun muhim hujjat –O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ-252-son Qaroriga muvofiq, gidroenergetika quvvatlarini yana-da oshirish maqsadida tarmoqni rivojlantirish Strategiyasi tasdiqlandi.

Xalqaro maydonda, “O‘zbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “top uchlik” reyting agentligi – “Fitch Reytings”ning “BB-“ xalqaro kredit reytingini barqaror suveren darajada saqlab kelmoqda. Jamiyat miqyosida xaridlar borasida oshkoralikni taʼminlash uchun Jamiyat doirasida xaridlar jarayonlari forenzik auditdan o‘tkazilib, xalqaro Deloyt kompaniyasining ijobiy xulosasi olinishiga erishildi.

Mana uchinchi yildirki, Jamiyat korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standart bo‘yicha muvofiqlik sertifikatiga ega.

“Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)” nufuzli xalqaro reytingi 2023 yilda mamlakatimiz sanoat korxonalari orasida Jamiyat tomonidan birinchi bo‘lib qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu xalqaro reyting maqomi 72 ball bilan yana-da yuqori pog‘onaga ko‘tarilib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishiga erishildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan joriy 2025 yilda quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsad etib belgilangan:

– 2025 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz o‘sish surʼatiga erishish;

– Investitsiya dasturiga asosan umumiy 3,3 mlrd.dollarga teng 14 ta loyihani amalga oshirish;

– umumiy quvvati 222 MVt, yillik ishlab chiqarishi 1 mlrd kVt.soatga teng 38 ta loyihani foydalanishga topshirish.

Tadbir davomida Jamiyat mutaxassislari tomonidan anjuman ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar va tushuntirishlar berildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling