Valyuta kurslari 30/05/2025
$1 – 12768.26
UZS – -0,49%
€1 – 14400.04
UZS – -0,98%
₽1 – 162.63
UZS – 0,97%
Qidirish
Texnologiyalar 15/05/2025 "O‘zatom" va "Rosatom" O‘zbekiston atom sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma muhandislik maktabini ishga tushiradi

"O‘zatom" va "Rosatom" O‘zbekiston atom sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma muhandislik maktabini ishga tushiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 15-may kuni "O‘zatom" agentligi va "Rosatom" DK o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. "O‘zatom" delegatsiyasiga agentlik direktori Azim Axmedxadjayev, "Rosatom" tomonidan esa bosh direktorning kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Tatyana Anatolevna Terentyeva rahbarlik qildi.

Uchrashuv O‘zbekistonning yadro-energetika dasturi uchun kadrlar tayyorlash, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan nazorati ostidagi atom elektr stansiyasini (AES) qurish loyihasini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Tomonlar atom sohasidagi muhim rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlar potensialini shakllantirish bo’yicha hamkorlikning asosiy jihatlarini muhokama qildilar.

"Rosatom" DK, "O‘zatom" agentligi va "MMFI" Milliy tadqiqot yadro universiteti o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolangani muhim voqea bo‘ldi. Hujjat "MMFI" MTYaU Toshkent filiali negizida "Ilg‘or muhandislik maktabi"ni ochish borasida. Ushbu maktab O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish uchun yetakchi rol o‘ynaydigan mutaxassislarni tayyorlash uchun muhim platforma bo‘ladi.

Shuningdek, "MMFI" MTYaU Toshkent filialining 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan ta’lim va ilmiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.

Maktab ta’limi, oliy o‘quv yurtlari va professional qayta tayyorlash yo'nalishlarini qamrab olgan barqaror kadrlar tayyorlash tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ta’lim dasturlarini tashkil etish, "Rosatom" obyektlarida amaliyot o‘tash, shuningdek, kadrlar tayyorlash va boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

O’z nutqida “O’zatom” agentligi direktori A.I.Axmedxadjayev "Rosatom" bilan hamkorlikdagi ishlar O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Ushbu tashrif Rossiya va O‘zbekistonning atom energetikasi sohasidagi hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Imzolangan Bitim va taqdim etilgan strategiyalar kadrlar tayyorlash va atom sanoatini birgalikda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling