“O‘rikzor” bozori odatdagi tartibda faoliyat yuritadi — Toshkent shahar hokimligi bayonoti
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O‘rikzor” savdo majmuasi yopiladi yoki rekonstruksiya qilinadi degan xabarlarni rad etdi.
Poytaxt maʼmuriyati taʼkidlashicha, bozor hududida hech qanday qurilish yoki rekonstruksiya ishlari olib borilmayapti. Barcha savdo va boshqa obyektlar o‘z faoliyatini tasdiqlangan reja asosida, kundalik va dam olish kunlarisiz, odatdagi tartibda davom ettirmoqda.
«Kompleksni tugatish, buzish yoki rekonstruksiya qilish to‘g‘risidagi maʼlumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyiladi shahar hokimligi matbuot xizmatining rasmiy bayonotida.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “O‘rikzor” yopiladi degan iddaolar aks etgan videolar tarqalgan edi. Ularda ayrim shaxslar ijarachilarga oldindan savdo uchun boshqa joy izlashni tavsiya qilgan.
Keyinchalik internetda turli norasmiy manbalar tomonidan bu xabarlar rad etilgan videolar paydo bo‘ldi. Endi esa shahar hokimiyatining rasmiy bayonoti orqali vaziyatga oydinlik kiritildi.