Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
O‘zbekiston 13/08/2025 Oliy darajadagi tashriflar doirasida sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari

Oliy darajadagi tashriflar doirasida sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidentining Boku shahriga rasmiy tashrifi Ozarbayjon–O‘zbekiston Investitsiya kompaniyasi (AUIC) uchun ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlovchi muhim imkoniyat bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 280 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining o‘zgaruvchanligi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash zarurligini anglatadi. Har yili eksport-import mahsulotlari tarkibi o‘zgarib bormoqda, bu esa bozor talab va ustuvorliklarining yangilanayotganini ko‘rsatadi.

Tashrif davomida ikki mamlakat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy jarayonlar, shuningdek, hamkorlik rejalariga oid keng qamrovli muzokaralar olib bordi. Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va soliq boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish tomonlarning diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarda hal qiluvchi omil ekanligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon bilan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun qabul qilindi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik aloqalarini huquqiy jihatdan mustahkamlash va o‘zaro taraqqiyotni rag‘batlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi, deb aytish mumkin.

Xiva shahrida o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston–Ozarbayjon Oliy Majlislararo forumi ham yuqori darajadagi kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida katta voqea, albatta. Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Majlisi a’zolari, shuningdek, ikki davlat yoshlari parlamenti vakillari ishtirok etdi. Muloqotlar jarayonida hamkorlik imkoniyatlarini belgilash borasida samarali fikr almashdilar.

Har ikki delegatsiya tomonidan ilgari surilgan takliflarda AUICning asosiy vazifasi bilan to‘liq uyg‘unlikni ko‘rish mumkin. Zero, unda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari mujassam.

Joriy yil iyun oyida Bokuda O‘zbekiston–Ozarbayjon hukumatlararo hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi o’tkazildi. Unda ham investitsiyaviy aloqalar ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Binobarin, AUIC nafaqat ikki davlat hududida, balki mintaqaviy doirada ham qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratmoqda. Bugungi kunda kompaniya turli sohalardagi 15 ta istiqbolli loyihani ko‘rib chiqayotgani so’zimiz isbotidir.

“Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekiston va Ozarbayjondagi xususiy kompaniyalarni teng moliyalashtirish. Bizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarimiz 1 milliondan 25 million dollargacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi,” — deydi AUIC bosh direktori Nazim Gadjiev. “Har yili 10–15 ta kelishuvni yakunlashni rejalashtirganmiz, joriy yilda esa 6 ta bitimni amalga oshiramiz. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sanoat kabi sohalarga sarmoya yo‘naltiramiz, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Ozarbayjonga chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash asnosida ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy taraqqiyotga sezilarli hissa qo‘shamiz.”

Bugungi kunda AUIC 80 million dollardan ortiq tasdiqlangan loyihalar portfeli asosida yangi investitsiya imkoniyatlarini baholashda davom etmoqda.

Barcha investitsiyaviy faoliyatlarida kompaniya barqarorlik, strategik muvofiqlik va uzoq muddatli ta’sir prinsiplariga sodiqdir. AUIC faqat moliyaviy foydani o’ylamaydi, balki mintaqa bo‘ylab inklyuziv va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

AUIC innovatsiyalar va barqaror o‘sishni ilgari suradigan strategik hamkorliklarni shakllantirish yo‘lidan bormoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling