Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
Sport 18/08/2025 Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi

Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. 

Uning qurilishiga 2022-yil 9-noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘lishini ta’kidlagandi.

Shunday ham bo‘ldi – qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua qad rostladi. Qariyb 290 million dollarlik ushbu noyob loyiha “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi. 

Shaharchada 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.

Xususan, Velodrom murakkab muhandislik yechimlari asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Uning yog‘och qoplamasi sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Jumladan, yo‘lak eng mustahkam daraxtlardan yasalgan, qavatma-qavat yotqizilgan. Bu sifat muntazam saqlanishi uchun velodromda yil davomida bir xil harorat ta’minlanadi. Hatto velosportchilarga havo qarshiligigacha inobatga olingan.

Trekka yorug‘lik bir xil va teng darajada tushadi. Bu sportchilarga qulaylik bo‘lishi bilan birga, tomosha va televizion translyatsiya me’yorlariga ham mos. O‘rindiqlar 2 ming 200 kishiga mo‘ljallangan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yangi talabi bo‘yicha tomosha joylariga himoya to‘sig‘i o‘rnatilgan.

Shuningdek, majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik bo‘yicha musobaqa va mashg‘ulotlar o‘tkazish ham mumkin. Bunday darajadagi velodrom O‘zbekistonda birinchisi.

Mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini ta’kidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shaharcha markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil etiladi. Asosiysi, yashil maydon va 9 qatorli yugurish yo‘lagida yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, jahon chempionati, Brilliant ligasi, paraatletika bahslari, ko‘zi ojizlar o‘rtasida IBSA o‘yinlarini tashkil etish mumkin. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy o‘quv-yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar orqali dual ta’limda foydalaniladi.

Stadiondagi to‘rt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi.

Yengil atletika va para sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda juda samarali. Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ular bo‘yicha dastur ham keng. Lekin yurtimizda bu imkoniyatlar to‘la ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berildi. Unga ko‘ra, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi, xorijdan murabbiylar olib kelinadi, sportchilar mahoratini oshirish maqsad qilib qo‘yiladi.

Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25x50 metrli suzish va 25x20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.

Yaqinda "World Aquatics" federatsiyasi delegatsiyasi majmuani ko‘rikdan o‘tkazdi va buni tasdiqladi. Ya’ni, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming o‘rinli. Jumladan, birinchisida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulot va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi.

Prezidentimiz shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.

– Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etildi.

Bundan tashqari, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.

Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari o‘rnatiladi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling