OKMK yanvar oyida 29 million dollarlik mahsulot eksport qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil yanvar oyida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) 28,8 million dollarlik mahsulot eksport qildi.
Xususan, xorijiy iste’molchilarga 2,7 ming tonna mis mahsuloti yetkazib berildi, bu prognozdan 8,4% ko‘proqdir.
Sink mahsuloti eksporti 1,5 ming tonnani tashkil etdi va reja 19,3% ga oshirildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 153,5% ni tashkil qildi.
Shuningdek, mis kuporosi eksportida ham sezilarli o‘sish qayd etildi — reja 101,7% ga bajarilib, o‘sish sur’ati 138,8% ga yetdi.
Ta’kidlash joizki, OKMKning eksport geografiyasi kengayishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda kombinat mahsulotlari 19 mamlakatga yetkazib beriladi. 2024-yilda Gvineya, Senegal, Serbiya, Janubiy Afrika Respublikasi va Portugaliya kabi yangi bozorlar o‘zlashtirildi, u yerlarga mis prokati va mis kuporosi eksport qilindi.
2025-yilda kombinat eksport geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Isroil va Marokash bozorlariga o‘z mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.