Oʻzbekiston va Xitoy qishloq xoʻjaligi va turizm sohasida innovatsion markaz tashkil etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 20-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning "Aladdin Holdings Group", "Tai Chang Special Steel" va "B.A Holdings" kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Muzokaralarda "Zamonaviy qishloq xo‘jaligi va madaniy-turistik sohalarida O‘zbekiston – Xitoy innovatsion markazi"ni tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha yangi ish o‘rinlarini yaratishga, shuningdek qishloq xo‘jaligi va turizmda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, loyiha doirasida bosqichma-bosqich amaliy tadbirlarni amalga oshirish hamda muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.