Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
O‘zbekiston 23/04/2025 Oʻzbekiston qonunchilari JSTga aʼzolikni tezlashtirish maqsadida Bojxona kodeksiga oʻzgartirishlar kiritishni maʼqulladi

Oʻzbekiston qonunchilari JSTga aʼzolikni tezlashtirish maqsadida Bojxona kodeksiga oʻzgartirishlar kiritishni maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mamlakatimizda iqtisodiy salohiyatni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yana-da chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishini jadallashtirish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkilotining Savdo va tariflar bo‘yicha Bosh bitimning 1-moddasi 1-bandiga muvofiq har qanday imtiyoz va qulayliklar aʼzo bo‘luvchi davlatlarga bir xilda qo‘llanilishi majburiy ekanligi belgilangan.

Yaʼni ushbu tashkilotga aʼzo davlat qolgan barcha aʼzo 166 ta davlatlatga bojxona bojlarini qo‘llashda bir xil yondashishi talab etadi.

O‘zbekistonning tashqi savdo yo‘nalishidagi ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalari asosida 10 ta mamlakat bilan erkin savdo rejimi, 47 ta mamlakat bilan eng ko‘p qulaylik berish rejimi amal qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga asosan savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berishni nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan amaldagi import bojlari stavkalarining 2 baravari qo‘llanilishi belgilangan.

Bojxona kodeksiga kiritilayotgan yangi o‘zgartirishlarga asosan amalda import boji stavkalarining 2 baravarini qo‘llash amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Loyihaning qabul qilinishi import va eksport geografiyasi oshishiga hamda mamlakatimizni Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishiga ijobiy taʼsir etadi.

Majlisda qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling