Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-41-son, 03.02.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025 yil 1-oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
2025-yil 1-martdan kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:
kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 ko‘paytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali aniqlanadi.
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun yuqorida ko‘rsatilgan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lab beriladi.
2027-yil 1-iyulgacha kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga Markaziy bankning asosiy stavkasida davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida, quyidagilar yaratiladi:
2025-yil 1-martgacha “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot moduli hamda uning mobil ilovasi;
2025-yil 1-sentyabrgacha bolalarning rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida kompleks ijtimoiy-tibbiy yordam bilan qamrab olish, ularda nogironlikning oldini olish hamda nogironligi bo‘lgan bolalarda muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvni ta’minlashga ko‘maklashuvchi “Bolalar salomatligi” axborot tizimi.
Shuningdek, uch oy muddatda Soliq kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflar Hukumatga kiritiladi:
davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod qilish;
ota-onaning kunduzgi parvarish xizmatlaridan foydalangani uchun oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlarini soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish.