Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardaeva
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-avgust kuni xalq deputatlari shahar Kengashining yig‘ilishida 1-avgustdan vazifasiga kirishgan Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardaeva issiqlik energiyasi tariflarini oshirish rejalari bo‘yicha ma’lumotni muhokama va tasdiqlash uchun taqdim etdi. Taqdimot brifing formatida, kelib tushgan savollarga javoblar bilan o‘tdi. Asosiysi - tariflarning oshishi sabablari - ob'ektiv xususiyatga ega bo‘ldi.
2025-yil 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshirildi, 2025-yil 15-iyundan sotib olinadigan issiqlik narxi ko‘tarildi. Issiqlik ta’minoti kompaniyasi uchun tarifni qayta ko‘rib chiqish – aslida issiqlik ishlab chiqaruvchidan yakuniy iste’molchiga issiqlik yetkazuvchi distribyutor sifatida – tabiiydir. Energiya tashuvchilar narxining o‘sishi quyidagicha bo‘ldi: gaz – 20%; elektr energiyasi – 11%; sotib olinadigan issiqlik – 13%.
Shu bilan birga, issiqlik ta’minoti tarifi atigi 7,1% ga oshirilmoqda – 1 Gkal uchun 664 465 so‘mdan 711 641 so‘mgacha. Aholi uchun tarif 15% ga oshadi – 1 Gkal uchun 121 617 so‘mdan 139 860 so‘mgacha va bu ishlab chiqarish tannarxidan ancha past.
Hozirgi paytda issiqlik ta’minoti xizmati davlat tomonidan subsidiyalanadi. Amaldagi tarif bo‘yicha 18% iste’molchilar tomonidan to‘lanadi va 82% davlat subsidiyalari hisobidan qoplanadi. Hozirda bu yo‘nalish mahalliy byudjetning eng katta subsidiyalanadigan yo‘nalishlaridan biridir. 2025-yil oktyabr oyida tarif oshirilgach, nisbat quyidagicha bo‘ladi: aholi umumiy tarifning 19,7% ini to‘laydi, davlat subsidiyalari esa umumiy tarifning 80,3% ini qoplaydi.
Davlat strategiyasi 2030-yilgacha issiqlik ta’minotini 100% subsidiyalashni to‘xtatishga qaratilgan. Ushbu strategiya 2021-yilda Veolia Group kompaniyasi bilan imzolangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv asosiga qo‘yilgan. Tasdiqlangan moliyaviy modelga ko‘ra, aholi uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish har yili 30% miqdorida amalga oshirilishi kerak edi, biroq turli ijtimoiy sabablarga ko‘ra bu jarayon kechikib bormoqda. Faqatgina 2024-yilda issiqlik ta’minoti tarifi yil davomida ikki marta 15% dan qayta ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, kompaniya uchun tarif o‘zgarishsiz qolib, optimallashtirish jarayonlari hisobiga 2 yil davomida xizmat narxini oshirmasdan ushlab qolishga muvaffaq bo‘lindi.
Byudjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun tarif
Davlat subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-yanvardagi № 03/1-3480-sonli topshirig‘iga muvofiq amalga oshiriladi. Bu – byudjet yukini kamaytirish va xarajatlarni iste’molchi toifalari o‘rtasida adolatli taqsimlash siyosatining bir qismidir.
Byudjet muassasalari uchun tarifning +18,8% ga oshishi (801 963 so‘mdan 952 797 so‘m/Gkal gacha) energiya resurslari narxining oshishi hamda imtiyozlarning qisqarishi bilan bog‘liq. Bu holda yuridik iste’molchilarga qo‘shimcha moliyaviy yuk tushmasligi uchun byudjet muassasalari tarifi shu darajada belgilangan. Bunday yondashuv issiqlik ta’minoti tizimida muvozanatni saqlashga: biznes xarajatlarining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi.
Yuridik shaxslar uchun tarif ilgari ishlab chiqarish tannarxidan ancha past edi – 244 497 so‘m/Gkal. Uni +40% ga (342 296 so‘m/Gkal gacha) oshirish - boshqa toifalar bilan narxlarni bosqichma-bosqich tenglashtirish va kross-subsidiyalashni kamaytirishga qadamdir. Kross-subsidiyalashda bir iste’molchilar guruhi boshqa guruh xarajatlarining bir qismini qoplaydi.
Kelgusida byudjet tashkilotlari va yuridik shaxslar uchun tariflar bosqichma-bosqich tenglashtirilib, yagona o‘rtacha darajaga yaqinlashadi. Bu issiqlik energiyasi to‘lovida iste’molchi toifalari o‘rtasidagi nomutanosiblikni kamaytiradi, shahar byudjeti yuklamalarini yengillashtiradi va xarajatlarning adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi.
Kompaniya nega boshqa kommunal tashkilotlarga qaraganda tarifni kamroq oshirmoqda?
Birinchi va eng muhim omil – yo‘qotishlarni kamaytirish. 2022-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda yo‘qotishlar 44,3% darajadan 33,4% gacha kamaytirildi. Ushbu kamayishning 97% i quyidagilar hisobiga ta’minlandi: qozonlarni kapital ta’mirlash, issiqlik izolyatsiyasini almashtirish, joriy ta’mirlash ishlari, avariya shikastlarini bartaraf etish (22%), eskirgan quvurlarni almashtirish (70%) va nasos stansiyalarini kapital ta’mirlash (5%). Shuningdek, kompaniya boshqa ishlab chiqarish va ma’muriy xarajatlarni qoplash uchun mablag‘lardan oqilona foydalanadi, ichki byudjetlarga cheklovlar joriy etadi va optimallashtirish jarayonlarini amalga oshiradi.
Nega shaharda ko'p qazish va uzoq davom etgan ta'mirlash ishlari olib borilmoqda?
Bugungi kunda issiqlik tarmoqlarining taxminan 68% modernizatsiyani talab qiladi va kompaniya ularni yangilash bo‘yicha kompleks dastur amalga oshirmoqda. Solishtirish uchun: 2021-yilda bu ko‘rsatkich 71,8% edi va Veolia kelishidan oldin eskirish foizi faqat oshib borgan. Kompaniya kelgach, modernizatsiyani talab qiladigan tarmoqlar ulushi kamayishni boshladi.
Biroq, issiqlik tarmoqlarining uchdan ikki qismi hali ham almashtirilishi kerakligini, shuningdek, tabiiy eskirish tufayli har yili bu hajm ortib borayotganini hisobga olsak, erishilgan natijani muhim va sezilarli qadam sifatida baholash mumkin.
2022-yil iyulidan 2025-yilgacha Veolia Energy Tashkent issiqlik ta’minoti obyektlarini modernizatsiya va ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib bormoqda:
Quvurlarni almashtirish. 2022-yilda 39,4 km quvur almashtirildi. 2023-yilda — 66 km. 2024-yilda — 82 km. 2025-yilda 73,5 km quvurni almashtirish rejalashtirilgan. Umumiy hajm — 187,4 km.
Quvurlar issiqlik izolyatsiyasini yangilash. 2022-yilda 11,4 km izolyatsiya tiklandi. 2023-yilda reja 19 km bo‘lib, amalda 31,7 km bajarildi. 2024-yilda reja 34 km bo‘lib, amalda 47 km yangilandi. 2025-yilda 21,5 km rejalashtirilgan. Umumiy hajm — 90,1 km.
Mahalliy qozonxonalarda qozonlarni kapital ta’mirlash. 2022-yilda 3 ta qozon ta’mirlandi. 2023-yilda — 27 ta, 2024-yilda — 29 ta. 2025-yilda 23 ta qozon ta’mirlash rejalashtirilgan. Umumiy hajm - 59 ta qozon.
Nasos stansiyalarini kapital ta’mirlash. 2022-yilda 1 ta stansiya ta’mirlandi. 2023-yilda — 6 ta, 2024-yilda — 12 ta. 2025-yilda 13 ta stansiya ta’mirlanadi. Umumiy hajm — 19 ta nasos stansiyasi.
2022–2024 yillarda kompaniya reja asosida olib borgan ishlar tufayli 225 mln m³ gaz, 49,6 mln kVt·soat elektr energiyasi, 29,3 mln m³ issiq suv tejab qolindi.
2025–2026 yillarga rejalari: 474,13 km eskirgan uchastkalarni joriy ta’mirlash va almashtirish. Avariya holatlariga tezkor javob berish uchun kecha-kunduz ishlaydigan dispetcherlik xizmati faoliyat yuritadi. Shuningdek, 73,5 km issiqlik tarmoqlarini kapital ta’mirlash, 21,34 km issiqlik izolyatsiyasini tiklash, 23 ta mahalliy qozonxonani va 13 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish, 669 ta zulfin va 345 ta kompensatorni almashtirish rejalashtirilgan.
Yuqorida sanab o‘tilgan barcha ishlar issiqlik ta’minoti sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ammo, issiqlik ta’minoti tizimi katta kapital sarmoyalarni talab qiladigan holatda bo‘lib, ular qisqa muddatda amalga oshirilishi mumkin emas va yaqin 10 yilga mo‘ljallangan modernizatsiya dasturlarida belgilangan. Bu esa yildan yilga ortib borayotgan avariya holatlarini bartaraf etishga tayyor turish yukini oshiradi. Shu sababli kompaniya o‘z byudjet va rejalarida avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha harakatchanlikni oshirish, pudrat tashkilotlari bilan ishlashni yaxshilashni, ularning ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilishni ko‘zda tutadi.
Nega shaharni mahalliy qozonxonalarga o‘tkazib bo‘lmaydi?
Mahalliy qozonxonalar masalasi gazdan samarali va tejamkor foydalanish bilan chambarchas bog‘liq. Aholi zich yashaydigan hududlarda mahalliy qozonxonalar samarali emas, biroq shaharning ayrim tumanlarida hozirgi yirik qozonxonalar o‘z quvvatining yarmida ishlamoqda, bu esa samarasizdir. Bunday hududlarda shaharning aniq qismlari uchun samaraliroq va tejamkorroq bo‘lgan bir nechta mahalliy qozonxonalarga o‘tish rejalashtirilgan. Eslatib o‘tamiz, 9 ta yirik issiqlik markazlari issiqlik ishlab chiqaruvchi “Toshkent issiqlik markazi” MChJ ga, bitta markaz esa “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” AJ ga tegishlidir. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi 90% issiqlik energiyasini (issiq suv ta'minotini) ushbu issiqlik ishlab chiqaruvchilardan sotib oladi va poytaxt aholisiga issiq suvni yetkazib beradi. Kompaniyaning tasarrufidagi qozonxonalar umumiy hajmni 10% ni taʼminlaydi xolos.