Valyuta kurslari 12/03/2025
$1 – 12931.94
UZS – -0,06%
€1 – 14107.45
UZS – 0,37%
₽1 – 150.18
UZS – 3,13%
Qidirish
O‘zbekiston 10/02/2025 NAZAR MEDICAL klinikasi litsenziyasiz bolalarga stomatologik xizmat ko‘rsatdi

NAZAR MEDICAL klinikasi litsenziyasiz bolalarga stomatologik xizmat ko‘rsatdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda bolalarga litsenziyasiz stomatologik xizmat ko‘rsatgan klinika aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Raqobat qo‘mitasiga fuqaro Sh.G. farzandlari va ayolini “NAZAR MEDICAL” MCHJga tishlarini davolatishga borgani va bir necha kuni muolaja qilingani, biroq xizmat sifatsiz ko‘rsatilganligi natijasida plombalari tushib ketganligi sababli to‘langan pul mablag‘larini qaytarish va chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.

Mazkur murojaati “NAZAR MEDICAL” MCHJni jalb etgan holda o‘rganilganda korxona tomonidan isteʼmolchiga xizmat ko‘rsatilganligi, xizmatlar esa amaldagi talablarga muvofiq bajarilganligi maʼlum qilingan.

Bundan tashqari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus vakolatli organ Sog‘liqni saqlash vazirligini jalb etigan holda o‘rganishlar davom ettirilganda, vazirlik tomonidan bolalar terapevtik stomatologiyasi ixtisosligi bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya berilmaganligi aniqlangan.

Shuningdek, klinika tomonidan fuqaroning farzandi tegishli tibbiy xujjatlar taqdim etilmaganligi shuningdek, bemorga ko‘rsatilgan stomatologik tibbiy xizmat davolash klinik protokollarga mos ravishda amalga oshirilmaganligi haqida ekspert xulosasi berilgan.

Shundan so‘ng, to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda litsenziya talablari bo‘yicha chora ko‘rish uchun vakolatli organga yuborilib, “NAZAR MEDICAL” MCHJga nisbatan aniqlangan litsenziya talab va shartlarining buzilishi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etish hamda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha malumot taqdim etilishi bo‘yicha qaror chiqarilgan.

Fuqarolardan tibbiy xizmatlardan foydalanishda o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida ko‘rsatilayotgan xizmatni sohasi bo‘yicha litsenziyasini mavjudligi, xodimlarni malaka talablariga muvofiqligini so‘rab, so‘ng undan foydalanishlarini, isteʼmolchilarga tibbiy xizmatlarni ko‘rsatayotgan klinikalarga esa litsenziyalar talablariga qatʼiy amal qilishlari so‘raladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling