Namangan Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Namangan Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Namangan Ginness rekordlar kitobiga kiritildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati «Bir oy davomida jamoaviy tarzda eng ko‘p gul ekish» yo‘nalishi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatib, Ginness rekordlar kitobiga kiritildi.

Guinness World Records maxsus sertifikati Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovga 65-xalqaro Gullar festivalining tantanali ochilish marosimida topshirildi. Hujjatni tashkilot vakili Sheyda Subashi taqdim etdi.

Marosimda taʼkidlanishicha, festivalga tayyorgarlik doirasida o‘tgan yili viloyatda 100 million tup gul ko‘chati ekilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 150 millionga yetkazilgan. Bu esa hududga jahon rekordini o‘rnatish imkonini berdi.

Festival bu yil 50 kun davom etadi. Ilk bor uni tashkil etishda viloyatning barcha 754 ta mahallasi ishtirok etdi. Tayyorgarlik jarayonida uylar, ko‘chalar va jamoat joylari gullar bilan bezatildi, mahallalar o‘rtasida esa «Eng gullagan va obod mahalla» tanlovi tashkil qilindi.

Festivalning tantanali ochilishi 24 may kuni bo‘lib o‘tdi. Namangan xalqaro aeroportidan gullar bilan bezatilgan avtomobillar anʼanaviy paradi boshlandi. Kortej shaharning markaziy ko‘chalari orqali Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘igacha yo‘l oldi.

Tadbirlarda diplomatik korpus vakillari, xorijiy kompaniyalar, investorlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, sayyohlar hamda mahalliy aholi ishtirok etmoqda.

Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, festival doirasida 150 dan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy tadbirlar, jumladan madaniy, sport va turistik dasturlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Asosiy gul kompozitsiyalari Bobur bog‘i, «Afsonalar vodiysi» tematik bog‘i va 60 gektar maydonni egallagan «Yangi O‘zbekiston» bog‘i hududida joylashtirilgan.

Viloyat tumanlarida ham mavzuli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Chustda «Osh sayli», Pap tumanida «Lavanda festivali» va Mingbuloqda yangi «Patir festivali» o‘tkazilmoqda.

Tashkilotchilar bahosiga ko‘ra, 2026 yilda festivalga 1 milliondan ortiq xorijiy va qariyb 8 million mahalliy sayyoh tashrif buyuradi. Festival 12 iyulga qadar davom etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling