Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda BMW S1000 RR sport mototsiklini boshqargan haydovchi tezlikni oshirgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Mototsikl haydovchisi 310 km/soatgacha tezlikda harakatlanib, o‘zi haqidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan. Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning ma’lum qilishicha, mazkur qoidabuzarlik uchun haydovchiga tegishli jazo qo‘llanilgan.
Aniqlanishicha, o‘ziga O‘zbekistonning birinchi motoblogeri deb baho bergan haydovchi ushbu videoni o‘tgan yilning avgust oyida tasvirga olganini aytgan. Shuningdek, u yoshlar va boshqa tomoshabinlarni shunga o‘xshash harakatlarga undamoqchi bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda uning Yamaha R1 mototsiklida 299 km/soatgacha tezlikda harakatlangan boshqa videosi ham mavjud. Ushbu videoda haydovchi bir necha bor tezlikni oshirgani qayd etilgan. Bu roliklar hali ham uning Instagram sahifasida ko‘rish mumkin.
Qahramon Xudoyberganov haydovchi boshqa qayd etilgan qoidabuzarliklari uchun ham javobgarlikka tortiladimi, yo‘qmi — bu haqda hozircha ma’lumot bermadi. Ammo tezlikni 40 km/soatdan oshirganligi uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3 moddasi 3-qismi asosida protokol tuzilgani ma’lum. Haydovchiga 9 BHSH (3,37 million so‘m) miqdorida jarima belgilangan.