Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga “Bayad” zotli 1000 qo‘y olib kelindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mo‘g‘uliston qo‘ylarining birinchi partiyasi havo transporti orqali O‘zbekistonga yetkazildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita raisi Bahrom Norkobilov ishchi guruh bilan birga chorvachilik sohasida erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish maqsadida Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurdi. U Navoiy viloyatiga yo‘naltirilgan “Bayad” zotli 1000 qo‘yni yuklash jarayonida shaxsan ishtirok etdi.
Rejaga ko‘ra, joriy yil oktyabr oyi oxirigacha 60 ta aviatsiya reysi amalga oshirilib, O‘zbekistonga 50 ming bosh mayda shoxli qo‘y-echki olib kelinadi. Noyabr va dekabr oylarida yana shuncha chorva hayvoni kirib kelishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkichni 100 ming boshga yetkazish imkonini beradi.
Tashrif davomida O‘zbekiston vakillari Mo‘g‘uliston Bosh vazir o‘rinbosari Sainbuyan Amarsayxan bilan muzokaralar o‘tkazdilar. Ularning natijasida qo‘y va echkilar eksporti uchun bojxona to‘lovlari qariyb uch barobarga — har bir boshiga 18 dollardan 7 dollargacha pasaytirishga kelishib olindi.
Mo‘g‘uliston chorvasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv joriy yil iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan uchrashuvi chog‘ida imzolangan edi. 2029 yilga qadar O‘zbekistondagi mo‘g‘ul qo‘y va echkilari sonini 1 million boshga yetkazish rejalashtirilgan.
Importni rag‘batlantirish maqsadida Prezident tomonidan Mo‘g‘ulistondan havo transporti orqali mayda shoxli chorvani olib kelish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibi joriy etildi.
Bundan tashqari, importyorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bo‘yicha muddatli to‘lov, 10 foizlik yillik stavkada besh yillik imtiyozli kredit va kamaytiligan garov talablari asosida mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, mamlakatning yetti hududida ularga seleksion ishlarni olib borish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga yaylov yerlari beriladi.