Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3-dekabr kuni Minskdagi Do‘stlik uyida buyuk o‘zbek olimi va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning 630 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi mustahkamlanib borayotgan aloqalarning navbatdagi dalili bo‘ldi, deb xabar bermoqda BELTA.
O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rahmatulla Nazarov tadbirda so‘zga chiqib, madaniy hamkorlikning ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini ta’kidladi. U Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan kecha O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishiga umid bildirdi. Elchi Ulug‘bekning ilm-fan va madaniyatdagi yutuqlari O‘zbekistonning boy tarixi va ma’naviy merosining muhim qismi ekanini alohida qayd etdi.
Tadbirda qatnashgan belaruslik olimlar ham Mirzo Ulug‘bekning ilm-fan va tarixdagi ahamiyatini e’tirof etdilar. Ulug‘bekning 40 yillik hukmronligi davrida Samarqand dunyo miqyosida ilm-fan, madaniyat va ta’lim markaziga aylangani ta’kidlandi. Ayniqsa, uning astronomiya, matematika, tarix, musiqa va adabiyotga qo‘shgan hissasi jahon ilm-fanida tub burilish yasagani qayd etildi.