Valyuta kurslari 31/01/2025
$1 – 12957.01
UZS – -0,09%
€1 – 13485.66
UZS – -0,05%
₽1 – 132.13
UZS – -0,14%
Qidirish
Iqtisod 31/01/2025 Meridiam investitsiya fondi O‘zbekistondagi maktablar, yo‘llar va tibbiyot sohalariga sarmoya kiritishga tayyor

Meridiam investitsiya fondi O‘zbekistondagi maktablar, yo‘llar va tibbiyot sohalariga sarmoya kiritishga tayyor

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 30-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov “Meridiam” investitsiya fondining Yevrosiyo bo‘yicha direktori Remi Xassenforder boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

“Meridiam” — Parijda joylashgan, uzoq muddatli ijtimoiy infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va boshqarishga ixtisoslashgan global investor va aktivlarni boshqaruvchi kompaniyadir. 2005-yilda tashkil etilgan fond asosan Yevropa, Shimoliy Amerika va Afrikadagi jamoat infratuzilmasiga sarmoya kiritadi.

Uchrashuvda kompaniya vakili Sarp Istanbulugli hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mas’ul xodimlari ham ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda bir qator muhim loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi. Xususan, davlat-xususiy sheriklikning yangi innovatsion modeli asosida mamlakatimizning turli viloyatlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qurish masalasi ko‘rib chiqildi.

Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) masalalariga, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa infratuzilma obyektlari sohasida kelajakdagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “Meridiam” vakillari O‘zbekiston bozorining ulkan investitsion salohiyatga egaligini qayd etib, mamlakatdagi ijtimoiy va transport infratuzilmasi sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdilar. Ular O‘zbekistonda DXSh asosida amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalarni yuqori baholab, o‘z tajribalarini tatbiq etish hamda innovatsion moliyaviy yechimlar taklif qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Xususan, xorijiy tomon yaqinda e’lon qilingan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish loyihasiga qiziqish bildirdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. "Meridiam" vakillari O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarga katta qiziqish bildirib, fondning uzoq muddatli barqaror investitsiyalar tamoyillariga muvofiq infratuzilma sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda kelgusi hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga tayyorliklarini tasdiqlashdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling