Mehnat qonunchiligi takomillashtirilmoqda — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 10/09/2025
$1 – 12355.14
UZS – -0,68%
€1 – 14539.53
UZS – -0,3%
₽1 – 148.48
UZS – -2,23%
Qidirish
Mehnat qonunchiligi takomillashtirilmoqda

Mehnat qonunchiligi takomillashtirilmoqda

Mehnat qonunchiligi takomillashtirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim tashkilotlarning Qonunchilik palatasiga yo‘llagan murojaatlari va deputatlar tomonidan joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlar tahlili Mehnat kodeksining 186- va 398-moddalarida belgilangan normalarni amaliyotda qo‘llashda bahsli holatlar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, to‘liqsiz ish vaqtini “tibbiy xulosa”ga asosan berish talabi faqat oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsga tatbiq etilishi lozim bo‘lsa-da, ushbu xatboshidagi barcha toifadagi shaxslarga tatbiq etilishi tushunilmoqda.

Natijada, bugungi kunda korxona va tashkilotlar amaliyotida amaldagi ushbu moddalarni qo‘llashda homilador ayolga, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan biriga to‘liqsiz ish vaqtini belgilashda ulardan tibbiy xulosa talab qilishga, bu esa turli xil ovoragarchiliklarga olib kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksining 398-moddasiga to‘liqsiz ish vaqtini “tibbiy xulosa”ga asosan berish talabi faqat oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsga tatbiq etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shu munosabat bilan ushbu kodeksning 186-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi xatboshidagi takrorlovchi norma chiqarilib, 398-moddaga havola ko‘rsatish taklif etilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi Mehnat kodeksining normalari amaliyotda to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga qaratilgani qayd etildi.

Deputatlar tomonidan bir qator savollar ko‘tarildi. Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling