MDH mamlakatlari III o‘yinlari ramzlari taqdim etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari III o‘yinlari arafasida tashkil etilgan birinchi rasmiy matbuot anjumanida ushbu yirik sport forumining rasmiy talismanlari taqdim etildi.
Belgilar sifatida shodona va do‘stona tabiatli leopardlar — Bebir va Leyla tanlandi. Ular Kavkaz leopardi — Ozarbayjonning go‘zal tabiat hududlarida qadimdan yashab kelayotgan kamyob va mahobatli yirtqich qiyofasidan ilhomlanib yaratilgan. Ushbu talismanlar mamlakatning tabiiy meros boyligi, ruhiy qudrati va anʼanaviy mehmondo‘stligini ifodalaydi.
Maʼlumot uchun, Kavkaz leopardi Kavkaz mintaqasida yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan beshta hayvon turini muhofaza qilishga qaratilgan «Katta beshlik» dasturiga kiritilgan. Bu tur Ozarbayjon Respublikasining Qizil kitobi va Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro ittifoqning Qizil ro‘yxatiga ham kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, MDH III o‘yinlari 2025 yil 28 sentyabrdan 8 oktyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar 23 sport turini qamrab oladi va ular Gyandja, Mingechevir, Gabala, Sheki, Gyoygyol, Yevlax va Xonkendi shaharlaridagi sport arenalarida o‘tkaziladi.