MB: 2025 yil yanvar–mart oylarida aholiga 34,9 trln so‘mlik kreditlar berildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekiston aholisiga berilgan kreditlar hajmi 34,9 trillion so‘mni tashkil etdi, bu esa 2024 yilning shu davriga nisbatan 74% ko‘p. Bu haqda Markaziy bank hisobotida qayd etilgan.
O‘tgan yil oxirigacha kuzatilgan pasayishdan so‘ng, joriy yilda dinamika o‘zgarib, kredit qoldiqlarining o‘sish surʼatida o‘rtacha tezlashuv kuzatilmoqda. 2025 yil mart oyi yakunida o‘sish 21,1% ni tashkil etdi, bu esa yil boshiga nisbatan 1,7 foiz punktga yuqori.
Jami kredit portfeli o‘sishiga mikrozaymlar, mikrokreditlar va ipoteka ssudalari asosiy taʼsir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, avtokreditlash hajmi pasayishda davom etmoqda va 2,4% ni tashkil etdi.
Kreditlash hajmining o‘sishi aholi daromadlarining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu esa isteʼmol va ipoteka kreditlariga talabning ortishiga olib keldi. Uch oy davomida berilgan kreditlar tuzilmasida mikrozaymlar 53,6%, mikrokreditlar 15,6%, ipoteka 12,8%, avtokreditlar 10%, boshqa turdagi kredit mahsulotlari esa 8% ni tashkil etdi.
2024 yilning birinchi choragi bilan solishtirilganda, mikrozaymlar hajmi 2,3 barobarga, mikrokreditlar — 1,9 barobarga, kredit kartalari orqali berilgan mablag‘lar 3,3 barobarga oshdi. Ipoteka kreditlash hajmi 26,3% ga ko‘paydi, avtokredit berish esa 17,6% ga kamaydi.
Markaziy bank shuni taʼkidlaydiki, aholini kreditlash hajmining bunchalik tez kengayishi kelgusida ularning moliyaviy barqarorligi uchun xavf-xatarlar tug‘dirishi mumkin.