Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari Deklaratsiyasi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilgan 2 kunlik xalqaro forum davomida bola manfaatlariga oid turli dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, odil sudlovda bolalar imkoniyatlarini ta’minlash, bolalarni zararli axborot va tahdidlardan xoli qilish hamda bolalarning va do‘stona himoya mexanizmlari bilan ta’minlash yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlari hamda Xorvatiya Finlyandiya, Norvegiya tajribasi, shuningdek Yevropa Bolalar ombudsmani tarmog‘i faoliyati hamda mazkur xalqaro tuzilma bilan konstruktiv tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining yagona mintaqaviy platformasini yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro kelishildi.
Aytish joiz, Markaziy Osiyo mintaqasi nafaqat geografik yagona, balki umumiy tarixiy-madaniy jips rishtalar bilan bog‘langan xalqlardan tashkil topgan makon - har biri tub milliy o‘zligiga ega mustaqil mamlakatlar mintaqasidir.
Shu nuqtai nazardan platforma bola huquqlariga oid umumiy mintaqaviy muammolarga yechim topish yo‘lida sa’i-harakatlarni birlashtiruvchi konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari institutlarining salohiyatini yanada oshirish maqsadida forumning yakuniy hujjati - Deklaratsiyasi imzolandi.