Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
O‘zbekiston 13/08/2025 Malakali hakamlik sudyalari korpusi shakllanadi

Malakali hakamlik sudyalari korpusi shakllanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda hakamlik sudlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida undagi ayrim normalar yuzasidan deputatlar tomonidan bir qator takliflar berilgan edi. Ushbu takliflar mas’ul qo‘mita va ishchi guruh a’zolari tomonidan chuqur tahlil qilinib, ular asosida loyiha matni takomiliga yetkazildi.

Xususan, doimiy faoliyat yurituvchi hakamlik sudining tarkibida 5 nafar hakamlik sudi bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi talab kelgusida hakamlik sudini tashkil etishda muammolar keltirib chiqarishi, ayniqsa, uzoq hududlardagi hakamlik sudlariga 5 nafar hakam to‘plashda qiyinchilik tug‘ilishi mumkinligi hisobga olinib, qo‘mita tomonidan 3 nafarga qisqartirildi.

Qonun loyihasi bilan davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Hakamlik sudlari tomonidan yer bilan bog‘liq, bino va inshootlarga egalik huquqini belgilash hamda budjetdan pul undirish bilan bog‘liq nizolar hal etilmasligi nazarda tutilyapti.

Shu bilan birga, endilikda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tashkil etilishi va uning huzurida faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yilmoqda.

Majlisda qonun loyihasida belgilanayotgan normalar hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslarini mustahkamlash, malakali hakamlik sudyalari korpusining shakllanishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling