Laziz Kudratov: Hududiy biznes forumlar haqiqiy, uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning hududlarning sarmoyaviy imkoniyatlarini keng targʻib qilish tashabbusi doirasida Jizzax shahrida o‘tkazilgan xalqaro biznes-forumda ishtirok etdi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda 30 dan ortiq davlatdan 350 dan ko‘proq yirik xorijiy kompaniyalar top-menejmenti vakillari ishtirok etdi.
Laziz Kudratov forum ishtirokchilari qutlar ekan, o‘z nutqida O‘zbekistonda so‘nggi 8 yil davomida amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida valyuta kursi liberallashtirilgani, soliq va bojxona tizimlari isloh qilingani, monopoliyaga barham berilgani, asosiy tarmoqlarda davlat ishtiroki qisqargani va xususiy tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar ochilganini ta’kidladi.
Bu saʼy-harakatlar samarasi ynatijasida oʻtgan yili Oʻzbekistonga 35 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi, bu 2017-yilga nisbatan oʻn barobar koʻp. YaIM oʻsishi yiliga 6 foizdan oshmoqda. Eksportchilar Yevropaga 6200 dan ortiq turdagi mahsulotlarni bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimi kabi vositalar yordamida jahon bozorlariga faol integratsiyalashmoqda. 2030-yilga borib O‘zbekiston o‘rtacha daromadi yuqori bo‘lgan davlatga aylanib, eksport hajmini ikki barobarga – 45 milliard dollarga, yalpi ichki mahsulotini esa 200 milliard dollarga yetkazishga tayyorlanmoqda.
Mamlakat taraqqiyotida hududlarning salohiyatidan foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, Laziz Kudratov o‘ziga xos geografik joylashuvi, yer resurslari, rivojlanayotgan infratuzilma, malakali ishchi kuchi kabi Jizzaxning sarmoyaviy jozibadorligiga zamin yaratayotgan bir qator omillarni keltirib o‘tdi.
Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, turizm jadal rivojlanmoqda, bu Jizzaxni uzoq muddatli investitsiyalar uchun jozibador joyga aylantirmoqda.
"Bugungi forum shunchaki tantanali uchrashuv emas. Bu harakat platformasi. Men har biringizni ushbu kundan toʻliq foydalanishga chaqiraman. Eng muhimi, bu haqiqiy, uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi boʻladi", - dedi ISSV rahbari.