Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pokistonning Lahor shahrida O‘zbekistonga kirish vizalarini olish uchun Vizaviy yordam markazi ochildi. Mazkur markaz O‘zbekiston elchixonasi va Meezab Group turistik kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Markazning ochilishi pokistonlik fuqarolar uchun vizalarni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ochilish marosimida O‘zbekistonning ziyorat, gastronomiya, tibbiy hamda MICE-turizmi imkoniyatlari taqdim etildi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtaev (onlayn) mamlakatda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida so‘zlab, O‘zbekistonning xorijiy sayyohlar orasida tobora ommalashib borayotganini ta’kidladi.
Pokiston turistik kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta qiziqish bildirdilar va yangi markaz ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini qayd etdilar.