Valyuta kurslari 22/01/2025
$1 – 12984.44
UZS – 0,07%
€1 – 13442.79
UZS – 0,52%
₽1 – 129.90
UZS – 1,78%
Qidirish
O‘zbekiston 21/01/2025 Kreditorlarning garov mol-mulkiga bo‘lgan huquqlarining ustuvorligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Kreditorlarning garov mol-mulkiga bo‘lgan huquqlarining ustuvorligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda majburiyatlar bajarilishi ta’minoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlari ustuvorligini ta’minlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkini auksion orqali sotish jarayonlarini soddalashtirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amaliyotda qarzdor tomonidan kredit (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida va (yoki) lozim darajada bajarilmaganda kreditorning (bankning) garov bilan ta’minlangan talablarini qondirish, undiruvni sud tartibida va suddan tashqari tartibda garov mulkiga qaratish, garovga oluvchining garov mulkiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini ta’minlashda bir qator muammolar mavjud.

Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkni auksion orqali sotish jarayonlarini soddalashtirish hamda mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mol-mulkning boshlang‘ich sotuv narxini bozor qiymatida baholash, shuningdek garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Muhokamalarda deputatlar garov mulki hisoblangan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun olib qo‘yilganda, garovga oluvchida o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirishda hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlashda tadbirkorlarning huquqlari poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga ham e’tibor qaratdilar.

Xalq vakillarining fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kreditorlarning garov mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish hamda kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushining kamayishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling