Kaya Kallasning Markaziy Osiyoga tashrifi kasallik tufayli kechiktirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Ittifoqining Oliy vakili va vitse-prezidenti Kaya Kallasning Markaziy Osiyoga tashrifi keyinga qoldirildi. Bu haqda YEIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi xabar berdi.
Diplomatik missiya maʼlumotiga ko‘ra, tashrif Kallas xonimning kasallanishi sababli eng yaqin muddatga ko‘chirilgan.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili Eduards Stiprays bugun Ashxobodda yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazmoqda.
4 mart kuni Ashxobodda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining 20-vazirlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Kun tartibidagi asosiy masala — YEI–MO sammitiga tayyorgarlik, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHB) imzolanishi rejalashtirilgan. Qozog‘iston va Qirg‘iziston ushbu hujjatni ilgari imzolagan.