Kameralar yo‘l chizig‘iga bosganlik uchun jarima qilmaydi — to‘xtash chizig‘idan tashqari
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz topshirig‘iga asosan aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yana-da takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.
Yaʼni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.