“Jonli konteyner” orqali zargarlik buyumlarini olib kirishga uringan fuqaro fosh etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor maʼlumot asosida “Navoiy” chegara bojxona post xodimlari bilan hamkorlikda post orqali yurtimizga kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tayotganda shubhali harakatlari sababli shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ko‘rik davomida uning ichki jinsiy aʼzolarida og‘irligi 314 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari yashirilgani aniqlandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur tilla taqinchoqlarning jami qiymati 316 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlarisiz, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda, umumiy og‘irligi 65 grammdan oshmagan qimmatbaho metall va toshlardan tayyorlangan zargarlik buyumlarini olib kirishi mumkin.