Jizzax akkumulyator zavodi KUCH brendi bo‘yicha Qrim arbitraj sudida g‘alaba qozondi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qrim arbitraj sudi Jizzax akkumulyator zavodining KUCH tovar belgisi bo‘yicha huquqlarini tan oldi va rossiyalik tadbirkor Artyom Paliychukning daʼvosini rad etdi. Bu haqda “Kommersantʼ” nashri arbitraj kartotekasi maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Paliychuk zavodni KUCH avtomobil akkumulyatorlari brendini noqonuniy ishlatishda ayblab, 257 mln rubl ($2,88 mln yoki 37,4 mlrd so‘m) miqdorida kompensatsiya talab qilgan.
Biroq zavod vakillari bu tovar belgisi ular tomonidan Paliychuk uni Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazishidan ancha oldin ishlatilganini maʼlum qildi. Shuningdek, sud daʼvogarning brendni faol ishlatmaganini inobatga oldi.
Sud xulosasiga ko‘ra, 2018 yilda Paliychuk Jizzax akkumulyator zavodi bilan muzokaralar olib borgan va «ARS Motors» kompaniyasi nomidan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Natijada KUCH akkumulyatorlari Rossiya va Belarusga eksport qilingan.
Shu bilan birga, daʼvogar tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan paytda u zavod bu brenddan foydalanishini bila turib harakat qilgan, deb qayd etdi sud. Bu esa g‘arazli va noqonuniy harakat sifatida baholandi.
Sud xulosasiga ko‘ra, agar tovar belgisi Paliychuk foydasiga huquqiy himoya olganida, bu zavodning mahsulot ishlab chiqarishiga to‘siq bo‘lardi va unga katta moliyaviy zarar yetkazardi. Shu sababli sud daʼvoni rad etdi.
Sud jarayoni tarixi:
2023 yil bahorida arbitraj sudi zavod 2019—2022 yillarda “KamAZ” kompaniyasiga 128,6 mln rubllik akkumulyator yetkazib berganini va bu intellektual huquqlarni buzganini maʼlum qilgan edi. Shu asosda korxonadan ikki barobar kompensatsiya undirish haqida qaror chiqarilgan.
Shuningdek, Paliychuk «ARS Motors»**dan 6,2 mln rubl litsenzion shartnoma bo‘yicha qarz undirgan.
Biroq zavod bu qarorni apellyatsiya qildi va 2023 yil noyabrida Intellektual mulk huquqlari bo‘yicha sud avvalgi hukmni bekor qildi. Sud ishni qayta ko‘rib chiqishga yubordi va Paliychukning harakatlarini noqonuniy, g‘arazli deb baholadi.
Ekspertlar buni patent trollingining yana bir misoli sifatida baholab, Paliychukning brendni ro‘yxatdan o‘tkazishini “Rospatent”**da qayta ko‘rib chiqish imkoniyati borligini taʼkidlashdi.