Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga doimiy asosda ruxsat beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga transport-logistika tizimini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar taqdimotida ma’lum qilindi.
Ikki yil oldin jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan holda taksichilik qilishiga vaqtinchalik ruxsat berilgan edi. Buning natijasida taksichilar soni 6 barobar oshib, 457 mingga yetdi. Shu bois endi bu tartib doimiy bo‘lishi aytildi.
Taksilarga mijoz topishda qulay axborot xizmatlari bozori shakllandi. Hozirda 151 ta agregator kompaniyalar ish yuritayapti va bu yana o‘sib borayapti.
Shu bois agregatorlar faoliyatini tartibga solish, ularning davlat, haydovchi va yo‘lovchilar oldidagi majburiyatini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi.