Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentning sobiq hokimi va tadbirkor Jaxongir Artikxodjayev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qo‘shilish istiqbollari haqida fikr bildirdi. U 29-noyabrda «Toshkent yoshlarni sevadi» oyligi doirasida tashkil etilgan yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvda chiqish qildi.
Tadbirda ishtirokchilarni asosan import mahsulotlarining O‘zbekiston bozoriga keng kirib kelishi va bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni sig‘dirib chiqarish ehtimoli tashvishlantirayotgan edi. Jaxongir Artikxodjayev bu xavotirlarni asossiz deb baholadi.
«Masalan, JST a’zosi bo‘lgan AQSHni olaylik. Prezident Donald Tramp o‘z lavozimiga kelganida, Meksika va Kanadadan olib kelinadigan tovarlarga 25%, Xitoydan keladigan mahsulotlarga esa 10%lik boj soliqlarini oshirish haqida bayonot berdi. Bu JST prinsiplariga zid bo‘lsa-da, u amerikalik ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish uchun shunday choralarni qabul qildi. JSTga qo‘shilish mahalliy tadbirkorlar himoyasiz qoladi, degani emas», — dedi Artikxodjayev.
U ayrim davlatlarning bozorlarini himoya qilishda qo‘llaydigan mexanizmlari haqida gapirdi. Masalan, eksport bilan bog‘liq vaziyatni keltirib o‘tdi: «Xitoydan xolodilnik import qilib, undagi logotipni o‘zgartirib, ‘O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan’ deb belgilasak va qayta Xitoyga eksport qilmoqchi bo‘lsak, ular bunday mahsulotni qabul qilmaydi. Har bir davlat o‘z manfaatlarini himoya qilish yo‘lini topadi».
JSTga qo‘shilish O‘zbekiston uchun yangi eksport imkoniyatlarini ochishini ta’kidlagan Artikxodjayev, mahalliy korxonalarning hozirda ham yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish qobiliyatiga ega ekanligini aytdi. «JSTga qo‘shilish bilan biz ko‘proq yutamiz. Tovarlar sifatining yaxshilanishi nafaqat fuqarolar uchun, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham foydali bo‘ladi», — dedi u.
Artikxodjayevning fikricha, JSTga qo‘shilish O‘zbekiston uchun xavf emas, balki xalqaro bozorlarga chiqish va raqobatbardosh ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatidir.