Jahon banki vakillari bilan davlat xaridlari sohasida salohiyatni oshirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida Jahon bankining delegatsiyasi, xususan, Markaziy Osiyodagi xaridlar guruhi rahbari Kamrul Xasan boshchiligidagi ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda davlat xaridlari tizimini isloh qilish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish, malaka va tajriba almashish kabi ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazini zamonaviy “Davlat xaridlari sohasida mahorat markazi” sifatida rivojlantirish, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarda davlat xaridlariga mas’ul xodimlarni muntazam o‘qitish va qayta tayyorlash tartibini joriy etish loyihasini amalga oshirish masalasi bo‘yicha fikr almashildi.
Loyihada ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda davlat xaridlari sohasida bakalavr va magistratura yo‘nalishlarini tashkil etish, shuningdek, qisqa muddatli kurslar orqali sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish, maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari ko‘zda tutilgan.
Bu esa mamlakatda davlat xaridlari sohasida malakali mutaxassislar zaxirasini yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Jahon banki bilan hamkorlikda tadbirkorlik subyektlari tomonidan “yashil” mezonlar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni keng targ‘ib qilish maqsadida davra suhbatlari, seminarlar va ko‘rgazma-yarmarkalar tashkil etish, davlat xaridlarida boshlang‘ich narxni aniqlash tartibini ishlab chiqish elektron tizimini joriy etish loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Mazkur loyihalar uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va Jahon banki tomonidan xalqaro tajribaga ega konsultantlar jalb etiladi.