Valyuta kurslari 20/12/2024
$1 – 12875.06
UZS – 0,1%
€1 – 13406.80
UZS – -0,67%
₽1 – 124.75
UZS – -0,57%
Qidirish
Texnologiyalar 20/12/2024 IT Park Ventures xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

IT Park Ventures xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi doirasida IT Park Ventures direktori Azamat Karamatov “ESG EQ Partners LLC” bilan uchrashuv oʻtkazdi va “Google”ning Riyoddagi ofisida “Google” va “StrategEast” tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi. Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida “ESG EQ Partners LLC” bilan memorandum imzolandi hamda yetakchi investitsiya va venchur fondlari bilan aloqalar oʻrnatildi.

“ESG EQ Partners LLC” bilan memorandum

“IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov va Anup Babu vakili boʻlgan “ESG EQ Partners LLC” mintaqaviy hamkori oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu voqea Oʻzbekiston texnologiya sektorini rivojlantirishda muhim bosqichni belgilab, oʻzbek startaplari va texnologiya kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

BAAdagi Sharja shahrida joylashgan “ESG EQ Partners LLC” kompaniyasi biznes, hukumat va investorlarni ekologik, ijtimoiy va boshqaruv maqsadlariga (ESG) erishishda qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanib, global bozor muammolarini hal qiladi. Oʻz faoliyatini kengaytirish doirasida “ESG EQ Partners” Saudiya Arabistonining Riyod shahrida oʻz ofisini ochishni rejalashtirmoqda, bu esa mintaqada rivojlanish va hamkorlik uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Tomonlar qayta tiklanadigan energiya manbalari va barqaror rivojlanish bilan bogʻliq startaplarga eʼtibor qaratgan holda “yashil” texnologiyalarga birgalikda sarmoya kiritishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik oʻzbekistonlik startaplarga moliyalashtirish va murabbiylik imkoniyatlarini taqdim etadi, shuningdek, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, jumladan, Saudiya Arabistoni va BAA bozorlariga chiqish uchun imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, tomonlar oʻzbekistonlik startaplar uchun Saudiya Arabistoni va BAA bozorlarida mentorlik, global tarmoq va investitsiya imkoniyatlaridan foydalanish yoʻllarini muhokama qildilar. Memorandum doirasida startaplar va IT Park rezidentlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha resurslardan foydalanish, moliyalashtirish va professional mentorlikka qaratilgan qoʻshma dasturlar koʻzda tutilgan. Azamat Karamatov oʻzbekistonlik startaplar uchun “ESG EQ Partners” global tarmoqlaridan foydalangan holda Saudiya Arabistoni va BAA bozorlariga samarali kirishlari uchun shart-sharoitlar yaratishning muhimligini alohida taʼkidladi. Bu ushbu muhim hududlarda biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

Shuningdek, “ESG EQ Partners” kompaniyasi “IT Park Ventures”ga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun investitsiya fondini shakllantirish boʻyicha maslahat xizmatlarini koʻrsatishi kelishib olindi. Bu xalqaro standartlarga javob beradigan shaffof va samarali tuzilmani yaratishga yordam beradi, bu esa xorijiy investorlarning ishonchini oshiradi. Bunday yondashuv Oʻzbekistondagi startaplarga xalqaro kapitalga kirish imkoniyatini ochib beradi, ularning global bozorda oʻsishi va kengayishini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida MENA mintaqasidagi “ESG EQ Partners” startaplari va hamkorlariga Oʻzbekiston bozoriga kirish va ishlab chiqish ofislarini ochishda yordam koʻrsatiladi. Ushbu hamkorlik biznesni kengaytirish va Oʻzbekistonning tez oʻsayotgan ekotizimiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, texnologiyalar va barqaror rivojlanish sohasida qoʻshma loyihalarni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga koʻmaklashadi.

“ESG EQ Partners LLC” bilan hamkorlik memorandumining imzolanishi Oʻzbekistonning global texnologiya maydonidagi xalqaro ishtirokini kengaytirishda muhim qadam boʻldi. Ushbu tashabbuslar nafaqat oʻzbek startaplari va texnologiya kompaniyalari uchun yangi ufqlar ochadi, balki mintaqada barqaror va ekologik texnologiyalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

Saudiya Arabistonida IT Park Uzbekistan rasmiy ochilish marosimida ishtirok etish

"ESG EQ Partners LLC" bilan memorandumni imzolashdan tashqari, "IT Park Ventures" direktori Azamat Karamatov Saudiya Arabistonida IT Park vakolatxonasining ochilishida qatnashdi. Tadbir "Plug and Play Middle East" ko‘magida "The Garage" innovatsion makonida o‘tkazildi. Ochilish doirasida Azamat Karamatov investorlar va davlat tashkilotlari bilan strategik ahamiyatga ega aloqalarni o‘rnatdi. Bu kelajakdagi hamkorlik va mazkur sheriklarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun istiqbollarni ochadi. Ushbu voqea ikki davlat o‘rtasida startaplar, venchur investitsiyalar va davlat tashabbuslari sohasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Saudiya Arabistonidagi IT Park ofisi ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari o‘rtasida hamkorlik va bilim almashish uchun ko‘prik vazifasini bajaradi va quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

O‘zbekiston orqali GCC mintaqasi startaplari uchun 80 milliondan ortiq aholi yashaydigan Markaziy Osiyo bozoriga soddalashtirilgan kirish;

60 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan GCC bozoriga chiqish uchun O‘zbekistondan startaplarni qo‘llab-quvvatlash;

Istiqbolli startaplar uchun pre-seed va seed bosqichlarida birgalikda sarmoya kiritish;

O‘zbekistonda bek-ofisni tashkil etish orqali GCC mintaqasidagi kompaniyalar uchun xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlari.

Saudiya Arabistonida IT Park vakolatxonasining ochilishi xalqaro startap ekotizimini mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim bosqich bo‘ldi. Ofis raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bilim almashinuvini rag‘batlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro maydondagi imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi.

“Google” va “StrategEast” tomonidan “Sunʼiy intellekt Kavkaz va Markaziy Osiyoda iqtisodiyotni qanday ragʻbatlantirmoqda” mavzusidagi tadbirda ishtirok etish

Saudiya Arabistoniga tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi va “IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov “Google” va “StrategEast” tomonidan Riyoddagi “Google” ofisida tashkil etilgan tadbirda qatnashdi. Muhokama sunʼiy intellektning (SI) Kavkaz va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlariga taʼsiri, shuningdek, “Google” tomonidan “Implement Consulting Group” bilan hamkorlikda oʻtkazilgan keng qamrovli tadqiqotga bagʻishlandi. Unda generativ SIning iqtisodiy salohiyati, mintaqaning uni joriy etishga tayyorligi va mehnat bozoriga taʼsiri, hamda ushbu texnologiyalarni xavfsiz va himoyalangan holda joriy etish strategiyalari yoritilgan.

“Ushbu tadbir Oʻzbekistonning oʻsib borayotgan texnologik ekotizimini va uning sunʼiy intellektga yoʻnaltirilgan innovatsiyalar uchun salohiyatini namoyish etish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi. Bu yerda oʻrnatilgan qimmatli aloqalar xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga, qoʻshma sarmoya kiritish imkoniyatlarini ragʻbatlantirishga va startap ekotizimimizning rivojlanishiga hissa qoʻshishga yordam beradi,“ — dedi Karamatov.

Ayniqsa, yaqinda mamlakat Prezidenti tomonidan 2030-yilgacha sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi imzolanganini hisobga olsak, sunʼiy intellekt Oʻzbekiston texnologik taraqqiyotining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ushbu strategiya qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va davlat boshqaruvi kabi sohalarda etika, xavfsizlik va texnologiyalarning samarali integratsiyasiga eʼtibor qaratgan holda sunʼiy intellekt uchun tartibga soluvchi asoslarni belgilaydi.

IT Park sunʼiy intellekt sohasidagi startaplarga inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini taqdim etadi, shuningdek, “Silkroad Innovation Hub”, “Plug and Play Tech Center”, “500 Global”, “Alchemist Accelerator”, “Draper University”, “StartX” (Stanford universiteti negizida) kabi xalqaro tashkilotlar bilan global hamkorlik orqali global tarmoqqa kirish va “IT Park Ventures” jamgʻarmasi orqali investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling