Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov WBC birinchi o‘rta vazn bo‘yicha “vaqtinchalik” chempion Virjil Ortiz Jr bilan uchrashadi.
Mazkur jang 2025-yil 22-fevral kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida joylashgan Kingdom Arenada bo‘lib o‘tadi. Kechaning asosiy jangi yarim og‘ir vazn bo‘yicha mutlaq jahon chempioni Artur Beterbiyev va Dmitriy Bivol o‘rtasidagi revansh bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21-dekabr kuni Isroil Madrimov ukrainalik Sergey Bogachuk bilan kuch sinashadi. Ushbu jang ham Saudiya Arabistonida tashkil etiladigan turnir doirasida o‘tkaziladi.
Avvalroq, avgust oyida sobiq WBA chempioni Isroil Madrimov ikki karra mutlaq jahon chempioni, amerikalik Terens Kroufordga qarshi ringga chiqdi. Ushbu jangda hakamlarning bir ovozli qarori bilan g‘alaba Kroufordga nasib etib, u WBA va WBO kamarlarini qo‘lga kiritdi.