Valyuta kurslari 18/04/2025
$1 – 12964.43
UZS – -0,23%
€1 – 14744.45
UZS – -0,12%
₽1 – 158.28
UZS – 0,38%
Qidirish
Iqtisod 18/04/2025 ILMA moliyaviy ekspert Otabek Bakirovga Telegram‘dagi tanqidi uchun Toshkent IIBga ariza topshirdi

ILMA moliyaviy ekspert Otabek Bakirovga Telegram‘dagi tanqidi uchun Toshkent IIBga ariza topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (ILMA) mashhur moliyaviy ekspert Otabek Bakirovga nisbatan Toshkent shahar IIBga ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda Bakirov o‘zining Telegram-kanali orqali maʼlum qildi.

Uning aytishicha, bu murojaatga sabab Bakirovning Xitoyning Temu onlayn marketpleysi O‘zbekistonda bloklanishi munosabati bilan eʼlon qilgan «Qonunsiz superregulyator» sarlavhali posti bo‘lgan. Unda Bakirov agentlik vakolatlarining kengayishini tanqid qilib, uni tegishli qonuniy asoslarsiz megaregulyatorga aylanganini taʼkidlagan.

Bakirovning taʼkidlashicha, ariza ILMAning birinchi direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pak tomonidan imzolangan, unga agentlikning ishonchli vakili tomonidan yozilgan tushuntirish xati ham ilova qilingan. Hozirda ish Toshkent shahar IIB kiberxavfsizlik bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Kechqurun Bakirov chaqiruv qog‘ozini qabul qilib, yozma va og‘zaki tushuntirish bergan. Biroq, ish bo‘yicha hujjatlar nusxasi unga taqdim etilmagan.

O‘z postida Bakirov ILMA amalda sug‘urta, kapital bozori, kriptoaktivlar, elektron tijorat bozorlarini tartibga solishini, va qariyb qimor o‘yinlari sohasini ham o‘z nazoratiga olishga tayyorlanayotganini aytdi. U bu vakolatlar qonuniy rasmiylashtirilmasdan berilayotganini, agentlik katta maʼmuriy resurslarga ega ekanini taʼkidladi.

«Biz tizimni qonun ustuvorligiga emas, balki „ishonchli odamlar“ga qurdik», — dedi Bakirov. Shuningdek, u agentlik faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga soluvchi normalar mavjud emasligini qayd etdi.

Yangi izohida u yana bir bor ILMA faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilish zarurligini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konstruktiv tanqidni obro‘sizlantirish deb qabul qilish mumkin emas. «Sudga arz qilish o‘rniga, rahmat aytish kerak», — deya taʼkidladi u.

Bakirov, shuningdek, AQSH, Norvegiya, Ukraina va Rossiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda megaregulyator faqat qarorlar va topshiriqlar asosida ish olib borayotganini, bu esa nafaqat bozor va investorlar, balki regulyatorning o‘zi uchun ham xavf solishini qayd etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling