Ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ijtimoiy xodimning vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar (oilalar)ning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ijtimoiy ishni tashkil etish hamda ijtimoiy himoya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar (oilalar)ning og‘ir ijtimoiy vaziyatdan chiqishga va jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun boshqa shaxslar bilan teng bo‘lgan imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan kafolatlangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs)ni aniqlash va ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs) deb topish asoslari, ijtimoiy xizmatlar va yordamdan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari ham aks etmoqda. Qolaversa, ijtimoiy xizmatlar va yordamning turlari va shakllariga aniqlik kiritilyapti.
Majlisda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining shu yil 29 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqilib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollar o‘rtaga tashlangan edi.
Xususan, loyihada ijtimoiy ish sohasida Vazirlar Mahkamasiga berilayotgan bir qancha vakolatlar, ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatuvchilar reyestri to‘g‘risidagi normada yangi bir reyestr, ya’ni ijtimoiy xizmatlar va yordamdan foydalanuvchilar reyestri keltirilgani, lekin bu reyestrning kim tomonidan yuritilishi masalasi aniq belgilanmagani qayd etilib, mazkur masalalarga aniqlik kiritish so‘ralgandi.
O‘tgan vaqt mobaynida mas’ul qo‘mita tomonidan deputatlar bildirgan qator takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida loyihadagi ayrim normalar takomillashtirildi. Jumladan, Konstitutsiyamizning 19-moddasi uchinchi qismida “ijtimoiy adolat prinsiplari” bayon etilgani, bu tahrir bir nechta huquqiy prinsiplar majmui sifatida talqin etilishini, shu bilan birga, nazariy jihatdan “ijtimoiy adolat prinsiplari” inson huquqlarini hurmat qilish, mutanosiblik hamda shu kabi boshqa huquqiy prinsiplarni o‘z ichiga olganini inobatga olib, qonun loyihasining 7-moddasi chiqarib tashlanmoqda.
Shu bilan birga, loyihaning avvalgi 13-modda, hozirgi 12-moddasida Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy ish sohasidagi vakolatlariga boshqa vazifalar yuklatilayotganini inobatga olib, tahririy o‘zgartirish kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasining “Ijtimoiy xodimning faoliyatiga nisbatan cheklovlar”ga bag‘ishlangan moddasi ishchi guruh tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu moddada jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ijtimoiy xodim sifatida faoliyat yuritishiga nisbatan cheklovlar belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.